Javob: Yangilangan Konstitutsiyamizda O‘zbekiston o‘zini ijtimoiy davlat deb eʼlon qilmoqda. Ijtimoiy davlatda esa shaxsning munosib hayot kechirishi uchun yetadigan ish haqi olishi, bandligi taʼminlanishi, xavfsiz mehnat sharoitida ishlashi uchun shart-sharoitlar yaratilishi lozim.
Shu munosabat bilan yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizning 42-moddasida “Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori insonning munosib turmush darajasini taʼminlash zarurati hisobga olingan holda belgilanadi”, degan yangi norma belgilandi.
Insonning munosib yashashi deganda, insonning yashash xarajatlarini (oziq-ovqat, kiyim-kechak, uy-joy, kommunal, transport, aloqa va boshq.) qoplash, shuningdek taʼlim olish, sog‘liqni saqlash, dam olish va boshqa ehtiyojlarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘lishi tushuniladi.
Mehnat qilayotgan har bir inson asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun yetarli mablag‘ga ega bo‘lishi kerak. O‘z navbatida, davlat fuqaroga mehnatiga yarasha ish haqi to‘lanishining choralarini ko‘rishi va kafolatlarini taʼminlashi, ish beruvchi esa xodim oldidagi majburiyatlarini bajarishi shart.
Mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdori tushunchasi xalqaro qabul qilingan bo‘lib, butun dunyoda keng tarqalgan ijtimoiy adolat prinsiplaridan biridir. Bu meʼyor mamlakatimizning xalqaro hujjatlari bilan o‘z zimmasiga olgan majburiyatlarida ham ko‘zda tutilgan. Masalan, Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasida har bir ishlovchi shaxsga munosib yashashini taʼminlaydigan adolatli va qoniqarli daromad olish huquqiga ega ekanligi mustahkamlangan.
Shuningdek, Xalqaro mehnat tashkilotining Rivojlanayotgan davlatlar xususiyatlarini eʼtiborga olgan holda mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorini belgilash to‘g‘risidagi konvensiyasida eng kam ish haqi darajasini aniqlashda mamlakatdagi ish haqining umumiy darajasi, isteʼmol narxlari, ijtimoiy nafaqalar va boshqa ijtimoiy guruhlarning qiyosiy turmush darajasini hisobga olgan holda belgilanishi lozimligi ko‘rsatilgan. Ish beruvchi tomonidan xodimga ish haqini belgilashda yuqoridagi talablar inobatga olishlari lozim.
Mazkur yangi normaning Konstitutsiyada belgilanishi fuqarolarning ish haqlari miqdori shunchaki emas, aynan ularning munosib turmush kechirishi taʼminlashda, pirovard natijada aholi turmush darajasini yaxshilashda va mamlakatda ijtimoiy adolatni taʼminlashda amaliy ahamiyatga ega.
Javob: Fuqarolarni ishsizlikdan himoyalash, yangi ish o‘rinlarini yaratish, kambag‘allikni qisqartirish har qanday davlatning asosiy vazifalaridan biridir.
Shu boisdan, yangilangan Konstitutsiyamizning 43-moddasida “Davlat fuqarolarning bandligini taʼminlash, ularni ishsizlikdan himoya qilish, shuningdek kambag‘allikni qisqartirish choralarini ko‘radi. Davlat fuqarolarning kasbiy tayyorgarligi hamda qayta tayyorlanishini tashkil etadi hamda rag‘batlantiradi”, degan norma belgilandi.
Yangi O‘zbekistonning Taraqqiyot strategiyasida yangi ish o‘rinlari yaratish va aholi daromadlarini oshirish orqali 2026-yilgacha kambag‘allikni kamida ikki baravarga kamaytirish belgilangan. Buning uchun, norasmiy ishlayotgan 2,5 mln. fuqaroning bandligini legallashtirish, ayollar orasidagi ishsizlik darajasini 2 baravarga kamaytirish, kasbga o‘qitish ko‘lamini 2 baravarga oshirish, yaʼni 1 mln. nafar ishsiz fuqarolarni kasb-hunarga o‘qitish, 700 mingdan ziyod ishsiz xotin-qizlarni davlat hisobidan kasb-hunarga o‘qitish, ish bilan band bo‘lmagan xotin-qizlarni tadbirkorlikka jalb qilish, shuningdek, hududlarda xizmat ko‘rsatish sohalarini rivojlantirish orqali keyingi 5 yilda 3,5 mln. yangi ish o‘rinlarini yaratish ko‘zda tutilgan.
O‘zbekistonda davlat fuqarolarni ishsizlikdan himoya qilish va kambag‘allikni qisqartirish choralari qatorida mahallalar kesimida ijtimoiy himoyaga muhtojlar ro‘yxati “Temir daftar”, “Ayollar daftari”, “Yoshlar daftari” va “Mehr daftari” orqali mahallalarda ish yuritish yo‘lga qo‘yilgan. 2023-yil 1-yanvar holatiga “Temir daftar”ga kiritilgan 662,7 ming oila, ularning 2,8 mln.nafarga yaqin aʼzolarining 730,5 ming nafar mehnatga layoqatli ishsizlari bandligini taʼminlash orqali 632,2 ming oila “Temir daftar”dan chiqarildi.
Fuqarolarimizni chet elda mehnat qilish huquqlarini amalga oshirish borasida ham ularni kasbiy tayyorlash va ishga joylashtirishning xavfsiz, tartibli va qonuniy mehnat migratsiyasi tizimi yaratildi. Bugungi kunda O‘zbekiston 32 dan ortiq davlatlardagi 475 dan ortiq ish beruvchilar bilan shartnomalar tuzilib, (41ta rekureting bilan birga 516) tashqi migrantlarga ishga joylashtirish, o‘qitish, sug‘urta, kredit, mikroqarz kabi o‘nga yaqin xizmatlar ko‘rsatilmoqda.
Bunday normalar Italiya, Chexiya, Finlyandiya, Polsha, Xitoy kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham nazarda tutilgan.
Javob: Mehnatga oid xalqaro hujjatlar va milliy qonunchilikda bolalarni mehnatning og‘ir shakllariyoki ularning majburiy mehnati qatʼiy taqiqlangan.
O‘zbekiston Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda inson huquqlarini himoya qilish bo‘yicha amaldagi tizimning samarasini oshirish maqsadida Konstitutsiyamizda bolalar mehnatiga yo‘l qo‘ymaslik ham o‘z aksini topishini qayd etgan edi.
O‘zbekiston Respublikasi 2008-yilda Xalqaro mehnat tashkilotining Bolalar mehnatining og‘ir shakllarini taqiqlash va yo‘q qilishga doir shoshilinch choralar to‘g‘risidagi Konvensiyani ratifikatsiya qilgan.
O‘zbekiston Respublikasi Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi va Jinoyat kodeksida voyaga yetmagan shaxslarning mehnatidan foydalanishga yo‘l qo‘yilmasligi to‘g‘risidagi talablarni buzish yaʼni voyaga yetmagan shaxs mehnatidan uning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga yoki axloq-odobiga ziyon yetkazishi mumkin bo‘lgan ishlarda foydalanish uchun maʼmuriy va jinoiy javobgarlik choralari belgilangan.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 44-moddasida “Bolalar mehnatining bolaning sog‘lig‘iga, xavfsizligiga, jismoniy, aqliy va maʼnaviy jihatdan to‘laqonli rivojlanishiga xavf soluvchi, shu jumladan uning taʼlim olishiga to‘sqinlik qiluvchi har qanday shakllari taqiqlanadi”, degan qatʼiy norma mustahkamlandi.
Paxta dalalarida yoki boshqa qishloq xo‘jaligi ishlarida, umuman boshqa sohalarda ham bolalar mehnatidan foydalanish, ayniqsa ularni jalb qilishning oldini olish va unga qarshi kurashish bo‘yicha tizimli va qatʼiy islohotlar natijasida O‘zbekistonda bolalarning majburiy mehnati to‘liq barham topdi. 2 millionga yaqin bolalar majburiy mehnatdan ozod qilindi.
Endilikda, bu boradagi davlat siyosatini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlashga qaratilgan muhim qadamlar tashlanmoqda.
Bolaning sog‘lig‘i, xavfsizligi, to‘liq rivojlanishiga tahdid soladigan har qanday turdagi bolalar mehnatini taqiqlaydigan norma Yaponiya, Portugaliya, Ruminiya, Polsha, Sloveniya kabi davlatlar konstitutsiyalarida mavjud.
Konstitutsiyamizga ilk marotaba kiritilgan mazkur norma mamlakatimizda ushbu sohada erishilgan yutuqlarni qatʼiy mustahkamlaydi hamda bolalarning mehnatning og‘ir shakllaridan himoya qilish, ularni sog‘lom va barkamol bo‘lib voyaga yetishishlari uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib xizmat qiladi.
Javob: Inson huquqlari umumjahon deklaratsiyasining 25-moddasida “Har bir inson ... tibbiy xizmat va zarur ijtimoiy xizmatga ega bo‘lishga hamda ishsizlik, kasallik, nogironlik, bevalik, qarilik yoki unga bog‘liq bo‘lmagan sharoitlarga ko‘ra tirikchilik uchun mablag‘ bo‘lmay qolgan boshqa hollarda taʼminlanish huquqiga ega”, deb belgilangan.
Bu huquqni taʼminlash – ijtimoiy davlatning asosiy vazifalaridan biridir. Konstitutsiyamizda O‘zbekistonni – ijtimoiy davlat sifatida belgilanishi ijtimoiy taʼminot sohasida davlat siyosatini yanada samarali amalga oshirishning dolzarbligini oshiradi.
Shundan kelib chiqib, ijtimoiy adolat tamoyiliga amal qilish maqsadida yangilangan Konstitutsiyamizning 46-moddasida “qonunda belgilangan pensiyalar, nafaqalar va boshqa turdagi ijtimoiy yordamning miqdorlari rasman belgilangan eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas”, degan norma mustahkamlandi.
Bu bilan, amaldagi Konstitutsiyadagi “tirikchilik uchun zarur eng kam miqdor” so‘zlari o‘rniga “eng kam isteʼmol xarajatlaridan oz bo‘lishi mumkin emas” degan so‘zlar qo‘llanilmoqda. Chunki, “tirikchilik uchun zarur miqdor”, degan ko‘rsatkich Xalqaro oziq-ovqat xavfsizligi tashkiloti tomonidan belgilangan normadan past hisoblanadi. Qolaversa, tirikchilik deganda, faqatgina insonni yashab qolishi uchun qilinadigan xarajatlar tushuniladi, “eng kam isteʼmol xarajatlarida” esa nafaqat oziq-ovqat, balki kiyim-kechak, turli xizmatlardan foydalanish, taʼlim olish, sog‘liqni saqlash va boshqalar bilan taʼminlanishi tushuniladi.
2022-yil yilda tariximizda ilk bor pensiya va ijtimoiy nafaqalar miqdori minimal isteʼmol xarajatlaridan kam bo‘lmagan darajaga olib chiqildi. Misol uchun, 2017-yilda kam taʼminlangan 500 ming oila ijtimoiy yordam olgan bo‘lsa, bugunga kelib 2 milliondan ortiq oilalarga ko‘mak berilmoqda. Ajratilayotgan mablag‘lar esa, 7 barobar ko‘paytirilib, yiliga 11 trillion so‘mga yetdi.
Eng kam isteʼmol xarajati deganda, insonning asosiy ehtiyojlarini qondirish uchun bir oy davomida zarur bo‘ladigan tovar va xizmatlarni sotib olishga yetadigan mablag‘ miqdori tushuniladi. Eng kam isteʼmol xarajatlari miqdorini hisoblab chiqishda bugungi sharoitda aholining real o‘rtacha ijtimoiy xarajatlarini inobatga olish lozim.
Javob: Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini qo‘llab quvvatlash, ularning hayotda o‘z o‘rnini topishlariga ko‘mak kursatish ijtimoiy davlatning muhim funksiyalaridan biridir. Ayniqsa, muhtoj insonlarni vatan ichra vatani bo‘lgan uy-joy bilan taʼminlash Yangi O‘zbekiston insonparvar siyosatining yorqin ifodasidir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyamizda fuqarolarimizning uy-joyga bo‘lgan huquqlarini himoya qilish, muhtoj toifalarni uy-joy bilan taʼminlash bo‘yicha davlatning majburiyatlarini mustahkamlash zarur”, deb taʼkidlagan edi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 47-moddasida “Aholining ijtimoiy jihatdan ehtiyojmand toifalarini uy-joy bilan taʼminlash tartibi qonunda belgilanadi”, degan yangi insonparvar norma mustahkamlandi.
Yangi tahrirdagi Mehnat kodeksiga muvofiq, aholining ijtimoiy ehtiyojmand toifalariga nogironligi bo‘lgan bolalari bor yolg‘iz ota-ona, ko‘p bolali oilalardagi ota-onalar, “mehribonlik” uylarining bitiruvchilari, nogironligi bo‘lgan shaxslar, pensiyaoldi yoshidagi shaxslar, jazoni ijro etish muassasalaridan ozod qilingan shaxslar, odam savdosidan jabrlanganlar va hokazolar kiradi.
Oxirgi yillarda amalga oshirilgan islohotlar natijasida mamlakatimizda “mehribonlik” uylarining bitiruvchilarini, nogironligi bo‘lgan shaxslarni, kam taʼminlangan oilalarni, ayniqsa alohida yordamga muhtoj xotin-qizlarni uy-joy bilan taʼminlash, ularga subsidiyalar berish, uylarnin dastlabki badallarini to‘lab berish, imtiyozli va uzoq muddatli ipoteka kreditlar berish kabi insonparvar siyosat amalga oshrilmoqda.
Xususan, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lganlarga ipoteka krediti bo‘yicha dastlabki badal va (yoki) foizlarning bir qismini qoplash uchun O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobiga subsidiyalar to‘lanishi belgilandi. Yangi tartib doirasida 2020-2022-yillarda jami
27 800 nafar fuqaroga boshlang‘ich badal bir qismini qoplash uchun 795,6 mlrd so‘m va 38 811 nafar fuqaroga 429,4 mlrd so‘m foiz to‘lovlari bir qismi qoplash uchun subsidiya ajratilgan.
Oxirgi olti yilda mamlakatimiz bo‘yicha qariyb 300 mingta yoki avvalgi yillarga nisbatan 10 barobar ko‘p uy-joylar qurildi. Yana bir misol, uy-joy sharoitlarini yaxshilashga muhtoj bo‘lgan xotin-qizlar ijara huquqi asosida ijtimoiy uy-joylarga joylashtirilmoqda. Jumladan, uy-joy fondida ijara huquqi asosida istiqomat qilayotgan ehtiyojmand xotin-qizlarga ular tomonidan to‘lanadigan oylik ijara to‘lovining 50 foizi “Ayollar daftari” jamg‘armasi hamda davlat mablag‘lari hisobidan qoplab berilmoqda.
Bunday norma Shveysariya, Finlyandiya, Portugaliya, Polsha kabi davlatlarning ham konstitutsiyalariga kiritilgan.
Javob: Huquqiy davlatning eng muhim vazifalardan biri mulk huquqi daxlsizligini taʼminlash hamda mulkdor huquqlarini amalga oshirish va himoya qilish uchun zarur iqtisodiy-huquqiy shart-sharoitlar yaratishdan iboratdir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda “...uy-joy bo‘yicha konstitutsiyaviy kafolatni belgilab qo‘yish lozim. Yaʼni, sudning qarorisiz hech kim uy-joyidan mahrum qilinmasligi kerak. Imorat buzilishga tushadigan bo‘lsa, buning uchun buzishdan oldin uning qiymatiga mos ravishda kompensatsiya to‘lanishi shart...” deb alohida taʼkidlangan edi.
Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyaning 47-moddasida quyidagi normalar aks etmoqda: “Har kim uy-joyli bo‘lish huquqiga ega. Hech kim sudning qarorisiz va qonunga zid tarzda uy-joyidan mahrum etilishi mumkin emas. Uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorga uy-joyning qiymati hamda u ko‘rgan zararlarning o‘rni qonunda nazarda tutilgan hollarda va tartibda oldindan hamda teng qiymatda qoplanishi taʼminlanadi”.
Mazkur modda bilan uy-joy mulkdorlariga nisbatan ikki turdagi muhim konstitutsiyaviy kafolat belgilandi: sud kafolati va uy-joy uchun kompensatsiya olish kafolati.
Sud kafolati uy-joyga nisbatan mulk huquqi sud qarorisiz mahrum etilishiga yo‘l qo‘yilmasligini anglatadi. Bu kafolat uy-joyga nisbatan mulk huquqi mulkdorning erki-xohishidan qatʼiy nazar, majburiy tarzda bekor bo‘layotganda qo‘llanilishi nazarda tutilgan. Bunda sud tomonidan mulk huquqini bekor bo‘lishiga sabab bo‘luvchi holatlar amaldagi qonun hujjatlari asosida obyektiv tarzda ko‘rib chiqiladi. Albatta, mazkur tartib mulkdor har qanday holatda ham asossiz ravishda uy-joyidan mahrum etilmasligini kafolatlaydi.
Ikkinchi kafolat mulkdor iqtisodiy manfaatlari himoyasiga yo‘naltirilganligi bilan eʼtiborga molik. Mazkur norma qonunda belgilangan hollarda va tartibda uy-joyidan mahrum etilgan mulkdorni shu uy-joy va yetkazilgan zarar uchun teng qiymatda kompensatsiya olishini kafolatlaydi. Teng qiymatda kompensatsiya olish nima degani? Fuqarolik kodeksi 206-moddasiga muvofiq, mulkdorga olib qo‘yilgan mol-mulkka teng qimmatli mol-mulk mulk huquqi asosida berilishi va uning ko‘rgan boshqa zararlari to‘lanishi yoki mulk huquqi bekor qilinishi bilan yetkazilgan zarar to‘la hajmda qoplanishi belgilangan.
Mazkur normaning kiritilishi uy-joy mulkdori huquqlarini kafolatli taʼminlashga, uy-joylarni noqonuniy olib qo‘yilishi bilan bog‘liq nizoli holatlarni oldini olishga, sud himoyasini kengaytirishga xizmat qiladi.
Javob: Salomatlik – insonning birlamchi ehtiyoji va istagi bo‘lib, faqatgina sog‘lom xalq, barkamol millat buyuk ishlarga qodir bo‘ladi.
Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning
48-moddasida “Har kim sog‘lig‘ini saqlash va malakali tibbiy xizmatdan foydalanish huquqiga ega. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolari tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan olishga haqli”, degan mazmundagi hayotiy norma mustahkamlandi. Ushbu normaga ko‘ra:
birinchidan, ilk marotaba fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqi Konstitutsiya darajasida belgilandi. Fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlash huquqini taʼminlash maqsadida mamlakatimizda sog‘lom turmush tarzini targ‘ib qilish, profilaktik choralarni kuchaytirish, birlamchi va ixtisoslashgan tibbiy xizmat aholiga yaqinlashtirish, tibbiy sug‘urtani bosqichma-bosqich joriy qilish, xususiy sog‘liqni saqlash tizimini kengaytirish, tibbiy xizmatni raqamlashtirish kabi tizimli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.
2023-yilning hozirgi davriga qadar tibbiyot sohasiga byudjetdan 29 trillion so‘m yo‘naltirildi, bu mablag‘ 2016-yilga nisbatan 5 barobar ko‘pdir. O‘tgan besh yilda shifoxonalar va tez tibbiy yordam punktlarini dori-darmon, tibbiyot buyumlari bilan taʼminlash uchun mablag‘lar 12 barobar ko‘paytirildi.
Xususan, qishloqlardagi 801 ta oilaviy poliklinika zamonaviy tashxis apparatlari bilan taʼminlandi. Bu orqali qishloq va mahallalarda 8 turdagi yangi tibbiy xizmatlar yo‘lga qo‘yildi. 23 ta ixtisoslashgan tibbiyot markazlarining barcha hududlarda filiallari faoliyat ko‘rsatib kelmoqda.
Bularning barchasi yurtimizda istiqomat qilayotgan fuqarolarning sog‘lig‘ini saqlashga qaratilgan amaliy choralardir.
Ikkinchidan, fuqarolarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmini qonunda belgilangan tartibda davlat hisobidan ko‘rsatilishi aholi salomatligi uchun muhim ijtimoiy ko‘mak hisoblanadi. Hozirda aholi uchun tibbiy yordamning kafolatlangan bepul hajmi doirasiga shoshilinch tibbiy yordam, bir qator yuqumli kasalliklar bo‘yicha birlamchi tibbiy-sanitariya yordami, ijtimoiy ahamiyatga ega kasalliklar va xavfli kasalliklar bo‘yicha ixtisoslashtirilgan tibbiy yordam ko‘rsatish kiradi.Davlat hisobidan kafolatlangan tibbiy xizmatni rivojlantirish maqsadida 2021-yildan boshlab, birlamchi bo‘g‘inda aholini 66 turdagi, 2022-yilda 120 turdagi dori vosita va tibbiy buyumlar bilan bepul taʼminlash yo‘lga qo‘yildi. Ixtisoslashgan markazlarda bepul davolanadigan kasalliklar ro‘yxati shakllantirilib, tibbiy yordam uchun yo‘llanma elektron navbat asosida berilmoqda. Eng muhimi, bu tizimga asosan, mablag‘lar shifoxonaga emas, balki aniq bemorga ajratilmoqda.
Bunday norma Italiya, Bolgariya, Chexiya, Latviya, Litva kabi davlatlar konstitutsiyalariga ham kiritilgan.
Javob: Aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish, har bir fuqaroning sog‘lig‘ini asrab-avaylash, onalar va bolalar salomatligini muhofaza qilish ijtimoiy davlatning ustuvor vazifalaridan biridir.
Ayni shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 48-moddasida “Davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirish, aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi”, degan muhim norma mustahkamlandi.
Jahon Sog‘liqni saqlash tashkiloti maʼlumotiga ko‘ra, salomatlikning 50% turmush tarziga bog‘liq, qolgan taʼsir omillari – atrof-muhit, genetika, sog‘liqni saqlash xizmatlari hisoblanadi.
Sog‘lom turmush tarzi deganda, jismoniy salomatlik va uzoq umr ko‘rishni taʼminlaydigan odamlarning xatti-harakatlari tushiniladi. Bu esa mehnatni dam olish va sport bilan uyg‘unlashtirishni, to‘g‘ri ovqatlanishni, zararli odatlardan (chekish va spirtli ichimliklar) voz kechishni talab etadi.
Shu bois, 2019-2025-yillarda Salomatlik tizimini rivojlanish Konsepsiyasida ham jamiyatda sog‘lom turmush tarzi va to‘g‘ri ovqatlanishni keng targ‘ib qilish, fuqarolarda o‘z salomatligi va atrofdagilar sog‘lig‘i uchun javobgarlik hissini shakllantirish, shuningdek ularning madaniyati va tibbiy savodxonligini oshirish bo‘yicha muhim vazifalar belgilangan.
Konstitutsiyamizga kiritilgan mazkur qo‘shimchaga ko‘ra:
birinchidan, endilikda davlat jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratadi. Jumladan, Yangi O‘zbekistonning tarraqiyot strategiyasida chekka hududlar va qishloqlarda sog‘lomlashtirish ishlarini yanada rivojlantirish, yoshlarni, tashkilotlar xodimlarini, ayollarni, nogironligi bo‘lgan shaxslarni sport tadbirlariga jalb qilish, sport obyektlari infratuzilmasini yaxshilash belgilangan. Ushbu yo‘nalishda davlat tomonidan 22-sentyabr “Xalqaro avtomobilsiz kuni” deb eʼlon qilingan. Ayollarni sportga jalb qilish maqsadida “Bahor malikalari” sport musobaqalari, 50 yoshgacha bo‘lgan uy bekalari hamda 10 yoshgacha bo‘lgan qizlar o‘rtasida “Gimnastrada” sport festivalini o‘tkazish hamda sportga keng targ‘ib qilish choralari amalga oshirilmoqda;
ikkinchidan, davlat aholi o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini shakllantirish uchun shart-sharoit yaratadi. Shu maqsadda, 2020-2025-yillarda aholida sog‘lom ovqatlanish odatini shakllantirish bo‘yicha chora-tadbirlar Dasturi amalga oshirilmoqda. “Sog‘lom turmush tarzi” platformasi ishlab chiqilgan, har bir hududda pul mukofoti bilan rag‘batlantirilgan “Sog‘lom turmush tarzi rivojlangan mahalla” tanlovlari tashkil etilmoqda. Endilikda, bu kabi tadbirlani amalga oshirish davlatga konstitutsiyaviy vazifa sifatida belgilandi.
Javob: Atrof-muhit inson salomatligi va hayotiga bevosita taʼsir qiluvchi muhim omildir. BMT maʼlumotlariga ko‘ra, inson salomatligining 20-40 foizi atrof-muhit sifati va holatiga uzviy bog‘liq. Qulay atrof-muhit tabiiy zahiralar qisqarayotgan, global iqlim o‘zgarishi, ekologiya va tabiat bilan bog‘liq muammolar insoniyat kelajagiga tahdid solayotgan hozirgi davrda tobora dolzarb ahamiyat kasb etmoqda.
Qulay atrof-muhit deganda, insonga munosib va farovon hayot kechirishga imkon beradigan, insonning jismoniy mavjudligini taʼminlaydigan, unga intellektual, axloqiy, ijtimoiy va maʼnaviy rivojlanish imkoniyatlarini beradigan muhit tushuniladi.
Shaxsning qulay atrof-muhitga bo‘lgan huquqi insonning asosiy fundamental huquqlaridan bo‘lib, insonning barcha asosiy huquqlarini, shu jumladan yashash huquqini amalga oshirish uchun juda muhimdir.
Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning 49-moddasida:
birinchidan, har kim qulay atrof-muhitga, uning holati to‘g‘risidagi ishonchli axborotga ega bo‘lish huquqiga ega, degan qoida mustahkamlandi;
ikkinchidan, davlat Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini muhofaza qilish hamda tiklash, mintaqani ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish yuzasidan choralar ko‘radi, degan hayotiy zaruratga mos norma belgilandi.
Afsuski, Orolbuyi mintaqasida yuzaga kelgan global ekologik muammo 50 mln. nafarga yaqin mintaqa aholisining hayot tarziga salbiy taʼsir ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh. Mirziyoyev 2018-yilda BMT Bosh Assambleyasining 72-sessiyasida ilk marotaba “Bugungi kunning eng o‘tkir ekologik muammolaridan biri – Orol halokatiga yana bir bor eʼtiboringizni qaratmoqchiman. Mana, mening qo‘limda – Orol fojiasi aks ettirilgan xarita. O‘ylaymanki, bunga ortiqcha izohga hojat yo‘q”, deb taʼkidlagan edi. Shu bois, O‘zbekistonda Orol muammosi oqibatlarini bartaraf qilishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Xususan, Orol dengizi tubining 2,5 mln. gektarida yangi “yashil makon” yaratilmoqda. Shuningdek, Orol va Orolbo‘yidagi murakkab ekologik vaziyat, aholi genofondini muhofaza qilish, salomatligini yaxshilash hamda ushbu hududda barqaror rivojlanishni taʼminlashga qaratilgan keng ko‘lamli loyihalar amalga oshirilmoqda.
Konstitutsiyaga kiritilgan o‘zgarishlar Orolbo‘yi mintaqasining ekologik tizimini himoya qilish va tiklash, uni ijtimoiy va iqtisodiy jihatdan rivojlantirish bo‘yicha davlat tomonidan qo‘shimcha choralar ko‘rilishi davlatning konstitutsiyaviy majburiyati sifatida mustahkamlandi.
Konstitutsiyada ushbu normaning belgilanishi mintaqa aholisi uchun munosib yashash sharoitlarini yaratilishini va turmush darajasini jiddiy tarzda yaxshilanishini taʼminlaydi, barcha kasb egalari, birinchi navbatda ijtimoiy soha vakillari uchun qo‘shimcha imtiyozlar paketi qo‘llaniladi hamda tadbirkorlik tuzilmalari va nodavlat notijorat tashkilotlarining atrof-muhitni himoya qilishga yo‘naltirilgan turli loyihalarda faol qatnashish imkoniyati paydo bo‘lishiga xizmat qiladi.
Shu bilan birga, mazkur norma aholimiz va kelajak avlod uchun qulay va ekologik toza hududni saqlab qolish, Orolbo‘yi mintaqasida yashovchi aholining ijtimoiy-iqtisodiy qo‘llab-quvvatlash, ularni yashashi va rivojlanishi uchun qulay atrof-muhitni taʼminlashning Konstitutsiyaviy kafolatlarini yaratmoqda.
Javob: Bilim insonni komillikka ko‘tarish bilan birga, u yashayotgan jamiyat va mamlakatni ham yuksaltiradi. Insonda bilim va intellekt sifatli taʼlim natijasida shakllanadi. Shu bois, davlat fuqarolarning taʼlimga oid huquqlarini amalga oshirishni o‘z zimmasiga oladi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida fuqarolarning taʼlim olish huquqi bilan bog‘liq quyidagi mazmundagi normalar mustahkamlandi:
vbirinchidan, Davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan norma belgilandi. Bunda davlat yangi bog‘chalarni qurish, mavjudlarini taʼmirlash, shu jumladan davlat, davlat-xususiy sherikchilik va xususiy bog‘chalarni ko‘paytirish, yangi bog‘chalarni tashkil etishga imtiyozlar va subsidiyalar berish, pirovardida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olishni yuz foizga yetkazish choralarini ko‘radi;
ikkinchidan, umumiy o‘rta taʼlimning majburiyligi belgilandi. Bu degani maktab yoshidagi har qanday bola albatta maktabda o‘qishi shart hamda bunga to‘sqinlik qilishga hech kimning, hatto ota-onalarning haqqi yo‘q. Ushbu majburiyat taʼlim oluvchiga ham, taʼlim tashkilotiga ham birdek masʼuliyat yuklaydi;
uchinchidan, maktabgacha taʼlim va tarbiya, umumiy o‘rta taʼlim davlat nazoratidadir, degan norma o‘rnatilmoqda. Oldin faqatgina maktab ishlari davlat nazoratida edi, endilikda esa maktabgacha taʼlim ham davlat nazoratiga o‘tkazilmoqda. Natijada bog‘cha va maktablarda bolalarning xavfsizligi va salomatligi, sanitariya-gigiyena talablariga rioya etilishi, milliy
va umuminsoniy qadriyatlarga asoslangan tarbiya, taʼlimning yuqori sifati
va mazmundorligi taʼminlanadi;
ato‘rtinchidan, taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi, degan insonparvar norma bilan to‘ldirilmoqda. Unga ko‘ra, jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan bolalar uchun taʼlim tashkilotlarida inklyuziv taʼlim tashkil etiladi. Bu shunday nuqsonlarga ega bolalarimizning yakkalanib qolmasligi, jamiyatning to‘laqonli aʼzosi sifatida shakllanishi va kamol topishi uchun juda muhim;
beshinchidan, davlat uzluksiz taʼlim tizimining, uning har xil turlari va shakllari, davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlaydi, deb mustahkamlandi. Bu esa maktabgacha taʼlim-tarbiyadan to oliy taʼlimgacha, hamda boshqa taʼlim turlarini shuningdek, taʼlimning kunduzgi, sirtqi, kechki, masofaviy, oilada taʼlim olish, va mustaqil taʼlim olish, inklyuziv taʼlim va hokazo shakllarini tashkil etish va faoliyat yuritishiga imkoniyat yaratadi.
Taʼlimga oid qoidalar inson huquqlariga oid ko‘plab xalqaro hujjatlarda hamda Germaniya, Portugaliya, Bolgariya, Urugvay kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan.
Yuqoridagi normalarning Konstitutsiyamizga kiritilishi bog‘chalar va maktablar, oliy taʼlim tashkilotlari sonining ko‘payishiga, taʼlim va tarbiya sifatining oshishiga, pirovardida har bir shaxsning umri davomida taʼlimning barcha turlaridan foydalanish imkoniyatini yaratadi.