Javob: Taʼlim har qanday mamlakatda inson kapitalini rivojlantirish orqali barqaror taraqqiyotni taʼminlaydigan muhim omildir. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat va nodavlat taʼlim tashkilotlari rivojlanishini taʼminlash bo‘yicha davlatning majburiyatini belgilovchi norma mustahkamlandi.
Taʼlim tashkilotlarini, ayniqsa, nodavlat yoki xususiy bog‘cha, maktab, universitetlar va boshqa taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun davlatning doimiy, har tomonlama qo‘llovi muhim o‘rin tutadi. Ijtimoiy davlatda davlatning asosiy funksiyalaridan biri aholining umumiy ilmiy va maʼrifiylik darajasini oshirishga qaratiladi. Bunda taʼlim tashkilotlarining yetarli bo‘lishi hamda taʼlim sifati muhim ahamiyatga ega.
Shu maʼnoda davlat taʼlim tashkilotlarini rivojlanishi uchun qanchalik sharoit yaratsa, nodavlat taʼlim tashkilotlarini ham tashkil etish va faoliyat yuritishi uchun undan kam bo‘lmagan tashkiliy, huquqiy sharoitlarni yaratish, moddiy ko‘mak ko‘rsatishi shart. Shu bois, xususiy taʼlim tashkilotlariga keng imtiyoz va preferensiyalar taqdim etilib, ushbu soha rivojlantirilmoqda.
Buni quyidagilarda ko‘rish mumkin:
2016-yilda 5211 ta maktabgacha taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa, bugungi kunda 6598 ta davlat hamda 22 mingdan ziyod turli shakllardagi nodavlat maktabgacha taʼlim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatmoqda.
2016-yilda 9719 ta umumtaʼlim tashkilotlari faoliyat ko‘rsatgan bo‘lsa hozirda ularning soni 10296 taga yetdi. 2016-yilda 21 ta nodavlat umumtaʼlim tashkilotlari faoliyat yuritgan bo‘lsa, 2022-yilda ular 334 taga ko‘paydi.
2016-yilda 77 ta oliy taʼlim tashkiloti faoliyat yuritgan bo‘lsa,
2023-yilga kelib ularning soni 200 dan oshdi. 2026-yilgacha nodavlat oliy taʼlim tashkilotlari soni kamida 50 taga yetkaziladi.
Nodavlat taʼlimni rivojlantirishga oid qoidalar Finlyandiya, Vengriya, Koreya Respublikasi kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan.
Ushbu yangi norma davlat tomonidan nafaqat davlat, shu bilan birga, nodavlat bog‘chalar, maktablar, oliy taʼlim tashkilotlarini tashkil etish, faoliyat yuritishiga sharoit yaratish va kafolatlash kabi vazifalarni amalga oshirishni taʼminlaydi. Muhimi, bolalarni bog‘chalar bilan qamrov darajasi oshadi, xususiy maktab va universitetlar ko‘payishi orqali raqobat muhiti vujudga keladi, pirovardida taʼlim olish imkoniyati kengayib, uning sifatini oshirishga erishiladi.
Javob: Xalqimiz yoshlikda olingan bilimni toshga uyilgan naqshga qiyoslaydi. Zero, taʼlimning boshlang‘ich asosi bo‘lgan maktabgacha taʼlim inson kamolotida beqiyos ahamiyatga ega. Shu bois, so‘nggi yillarda ushbu taʼlim turi tubdan isloh etildi.
Mutaxassislarning taʼkidlashicha, bog‘cha tarbiyasi nafaqat bolaning o‘ziga, balki uning ota-onasiga ham, qolaversa, butun jamiyat hayotiga ham ijobiy taʼsir ko‘rsatadi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi, degan muhim norma mustahkamlandi. Mazkur kiritilgan o‘zgartirishlarga ko‘ra davlatga quyidagi majburiyatlar yuklatildi:
birinchidan, davlat maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirish uchun shart-sharoitlar yaratadi. Yaʼni, davlat tomonidan ushbu taʼlim tashkilotlarini rivojlantirish uchun iqtisodiy va tashkiliy, huquqiy ko‘mak ko‘rsatiladi. So‘nggi yillardagi davlatning qo‘llab-quvvatlovi natijasida bolalarni maktabgacha taʼlim bilan qamrab olish darajasi 2016-yildagi 27,7 foizdan 71,8 foizga, maktabgacha taʼlim tashkilotlari soni 5211 tadan 29 mingdan ziyodga yetkazildi. 2022-yilda “Finance Inquirer” nashri bolalarni maktabgacha taʼlim muassasalariga jalb qilish bo‘yicha eng yaxshi dinamikaga ega bo‘lgan dunyodagi eng peshqadam 10 ta davlatni eʼlon qildi. Unda O‘zbekiston jahon reytingida birinchi o‘rinni egalladi;
ikkinchidan, maktabgacha taʼlim va tarbiya ham davlat nazoratida bo‘lishi belgilandi. Yaʼni, maktabgacha taʼlim sohasida bolalarni intellektual, axloqiy, estetik va jismoniy jihatdan har tomonlama rivojlantirish uchun zarur sharoitlar yaratish, o‘quv jihozlari bilan taʼminlash, bolalarni sog‘lom oziq-ovqat, sifatli tibbiy parvarishlash xizmati va boshqa moddiy vositalar bilan taʼminlash ishlari doimiy nazoratga olinadi.
Maktabgacha taʼlim va tarbiyani rivojlantirishga oid qoidalar Shveysariya, Litva kabi davlatlarning konstitutsiyalarida ham belgilab qo‘yilgan.
Javob: Fuqarolarni, ayniqsa, sog‘lig‘ida muammosi bo‘lgan bolalarni taʼlim va tarbiya olishi uchun bog‘cha, maktab, oliy taʼlim tashkilotlarida maxsus sharoitlarni yaratish ijtimoiy davlatning vazifalaridan biridir.
O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyundagi Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda alohida eʼtiborga muhtoj bo‘lgan bolalar uchun taʼlim muassasalarida inklyuziv taʼlim tashkil etiladi, degan qoidani Asosiy qonunimizga kiritishni taklif qilgan edi. Ayni maqsadda, yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida taʼlim tashkilotlarida alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar uchun inklyuziv taʼlim va tarbiya taʼminlanadi, degan muhim ijtimoiy ahamiyat kasb etuvchi norma mustahkamlandi.
Alohida taʼlim ehtiyojlariga ega bo‘lgan bolalar sirasiga jismoniy, aqliy, sensor (sezgi) yoki ruhiy nuqsonlari bo‘lgan, shuningdek uzoq vaqt davolanishga muhtoj bo‘lgan bolalar kiradi.
2020-2025-yillarda xalq taʼlimi tizimida inklyuziv taʼlimni rivojlantirish Konsepsiyasiga muvofiq inklyuziv taʼlim ixtisoslashtirilgan maktablar va birinchi marotaba umumiy o‘rta maktablarda tashkil etiladi. Unga ko‘ra, sog‘lig‘ida nuqsoni bo‘lgan bolalarni faqatgina ixtisoslashgan maktablarda emas, hamma qatori umumiy maktablarda ham o‘qishining yo‘lga qo‘yilishi inson qadri tamoyilining amaliy ifodasidir.
Bugungi kunda aqli zaif, kar va zaif eshituvchi, ko‘zi ojiz va zaif ko‘ruvchi, tayanch aʼzolarida nuqsoni bo‘lgan 21 231 dan ortiq bolalar uchun respublikamizda 90 ta ixtisoslashtirilgan maktablar faoliyat yuritmoqda, Bundan tashqari, yengil darajadagi nogironligi bo‘lgan 18 000 nafarga yaqin o‘quvchilar maktablarda sog‘lom bolalar bilan birgalikda o‘qishmoqda.
Javob: Mamlakatimizdagi taʼlim turlari tizimida umumiy o‘rta taʼlim markaziy o‘rinni egallaydi. Maktab har bir insonning barkamol va bilimli shaxs bo‘lib voyaga yetishida muhim ahamiyatga ega.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 50-moddasida davlat bepul umumiy o‘rta taʼlim olishni kafolatlashi bilan birgalikda umumiy o‘rta taʼlim majburiy ekanligi haqida norma belgilandi.
Mazkur yangi normaning ahamiyati quyidagilarda namoyon bo‘ladi:
birinchidan, intellektual avlod asri bo‘lgan XXI asrda ilm-maʼrifatsiz har qanday jamiyat, iqtisodiyot barqaror rivojlana olmaydi. Shu sababli, har bir insonning taʼlim olish huquqini taʼminlash oila, jamiyat va davlatga muayyan majburiyatlarni yuklaydi;
ikkinchidan, O‘zbekiston tomonidan imzolangan ko‘plab xalqaro hujjatlarda umumiy o‘rta taʼlim majburiy ekanligi belgilangan. Xususan, Inson huquqlari umumjahon Deklaratsiyasining 26-moddasida boshlang‘ich taʼlim majburiy bo‘lishi belgilangan. Zero, umumiy o‘rta taʼlimning majburiyligini belgilash orqali aholining savodlilik darajasini yuksaltirish jahonda tan olingan usuldir;
uchinchidan, maktabda o‘qishning majburiy ekanligini bajarmaganlik uchun qonunchiligimizda ota-onalar uchun javobgarlik belgilangan. Xususan, Maʼmuriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksining 47-moddasida bolalarni tarbiyalash va taʼlim berish borasidagi majburiyatlarni bajarmaganlik uchun ota-onalar yoki ularning o‘rnini bosuvchi shaxslar uchun maʼmuriy javobgarlik nazarda tutilgan. Bu voyaga yetmaganlarning o‘z vaqtida va sifatli taʼlim olishlarini, ota-onalarning taʼlimga oid majburiyatini taʼminlashga qaratilgandir. Shuningdek, taʼlim oluvchilar, ularning ota-onalari va yaqinlarining masʼuliyatini oshirish bilan birga, ertamiz egalari bo‘lgan yoshlarning maktabda puxta bilim olib, hayotda o‘z o‘rnini topib el-yurt koriga yaraydigan munosib farzand bo‘lib yetishishi uchun muhim huquqiy kafolat bo‘lib hisoblanadi.
Javob: Yangi O‘zbekistonda oliy taʼlim tizimi tubdan isloh etilmoqda. Jumladan, xususiy oliy o‘quv yurtlari ochilmoqda, xorijiy universitetlar filiallari soni ortmoqda, olis hududlarda ham universitet filiallari tashkil etilmoqda, 41 ta davlat oliy o‘quv yurtlariga akademik va moliyaviy mustaqillik berildi.
Oliy taʼlim tizimini xalqaro standartlar asosida faoliyat yuritishi – uni maʼmuriy boshqarishdan tortib to o‘quv-uslubiy va ilmiy-tadqiqot jarayonini tashkil etishda akademik erkinlikka ega bo‘lishini taqozo etadi. Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning
51-moddasida “Oliy taʼlim tashkilotlari qonunga muvofiq akademik erkinlik, o‘zini o‘zi boshqarish, tadqiqotlar o‘tkazish va o‘qitish erkinligi huquqiga ega”, degan qoida belgilandi.
Taʼkidlash lozimki, O‘zbekiston Respublikasi oliy taʼlim tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish Konsepsiyasida ham oliy taʼlim muassasalarining akademik va moliyaviy mustaqilligini taʼminlash oliy taʼlimdagi asosiy yo‘nalishlardan biri sifatida belgilangan.
Akademik erkinlik – o‘z fikrini erkin bildirish huquqini tarkibiy qismi bo‘lib, oliy taʼlim tashkilotlarida taʼlim berish va ilmiy-tadqiqot o‘tkazish erkinligidir. Ushbu erkinlik o‘quv jarayonini mustaqil shakllantirish, professor-o‘qituvchilarni dars o‘tish erkinligida, ilmiy-tadqiqot mavzularini mustaqil tanlash va tadqiq etish, uning natijalarini nashr etish va tarqatish, professor-o‘qituvchilar va ilmiy xodimlar akademik erkinligini cheklanmasligida va boshqalarda namoyon bo‘ladi.
O‘zini o‘zi boshqarish – bu oliy taʼlim tashkilotlarida o‘quv jarayonini tashkil etish va ilmiy tadqiqotlar o‘tkazish, tashkiliy-boshqaruv, moliyaviy va faoliyati bilan boshqa masalalar bo‘yicha qaror qabul qilishdagi mustaqilligi va javobgarligini anglatadi.
Konstitutsiyamizga ushbu normaning kiritilishi oliy taʼlim va ilmiy-tadqiqot faoliyatining rivojlanishiga, professor-o‘qituvchilar va talabalarning o‘quv va ilmiy faoliyati mustaqilligini taʼminlashga, ushbu sohaga tashqi aralashuvni cheklashga xizmat qiladi.
Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev “...muallimning obro‘-eʼtibori – bu avvalo millatning, butun xalqning obro‘-eʼtibori ekanligi”ni alohida eʼtirof etib, Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan o‘tkazilgan uchrashuvda ustozga bo‘lgan yuksak ehtirom Konstitutsiyamizda o‘z ifodasini topishi zarurligi haqidagi taklifni bergan edi.
Shu bois yangilangan Konstitutsiyamizning 52-moddasida:
Birinchidan, o‘qituvchining mehnati jamiyat va davlatni rivojlantirish, sog‘lom, barkamol avlodni shakllantirish va tarbiyalash, xalqning maʼnaviy va madaniy salohiyatini saqlash va boyitishning asosi sifatida eʼtirof etilishi mustahkamlandi.
Jamiyatni inson, insonni esa taʼlim va tarbiya o‘zgartiradi. Millat va xalqning rivoji, uning intellektual salohiyatini oshirish, avvalambor, o‘qituvchilar faoliyatiga bog‘liq. Zero, o‘qituvchi ajdodlardan avlodlarga o‘tib kelayotgan ilm-fan sir-asrorlari, maʼnaviy va madaniy merosni yoshlarga yetkazishda muhim bo‘g‘in hisoblanadi. Shu bois, mazkur norma Uchinchi Renessansning tayanch ustunlaridan biri bo‘lgan o‘qituvchiga ramziy maʼnoda “millat bunyodkori” maqomini bermoqda.
Ikkinchidan, davlat o‘qituvchilarning shaʼni va qadr-qimmatini himoya qilish, ularning ijtimoiy va moddiy farovonligi, kasbiy o‘sishi haqida g‘amxo‘rlik qiladi, degan norma belgilandi.
Ustozlar qadri yuksalgan yurt, albatta, barqaror rivojlanadi. So‘nggi yillarda mamlakatimizda o‘qituvchi kasbining maqomi va obro‘sini ko‘tarish, muallim va ustozlarning qadri, shaʼni va g‘ururini tiklash, ularning moddiy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlanishini taʼminlash, samarali mehnat faoliyati uchun munosib sharoitlar yaratilmoqda. Xususan, ularga imtiyozli isteʼmol kreditlari berilishi, olis hududlarga borib ishlayotgan yuqori malakali o‘qituvchilar uchun ustamalar belgilanishi shular jumlasidandir.
Mazkur norma ustoz va murabbiylar huquq va manfaatlarini taʼminlash, shaʼni va qadr-qimmati himoyalanishiga xizmat qiladi.
Shuningdek, mamlakatimizda faoliyat yuritayotgan 700 mingga yaqin o‘qituvchilarni davlat tomonidan professional o‘sishi hamda ijtimoiy va moddiy qo‘llab-quvvatlanishini kuchaytirilishi ularning jamiyatdagi ijtimoiy maqomi va obro‘sini yanada oshirishga xizmat qiladi.
Javob: Insoniyat tamaddunining rivojlanishi doimo insonlar ijodiy faoliyati natijasi o‘laroq amalga oshgan. Barcha yangiliklar zamirida, avvalo, inson va uning aql-zakavoti turganligi bois konstitutsiyalarda ushbu masalaga alohida eʼtibor qaratiladi.
Amaldagi Konstitutsiyamizda asosiy eʼtibor ilmiy, texnikaviy ijod masalalariga qaratilgan bo‘lib, badiiy ijod masalasi eʼtibordan chetda qolgan edi. Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 53-moddasida badiiy ijod erkinligining kafolatlanishi belgilandi.
Adabiyot, sanʼat va madaniyatning jamiyat hayotidagi o‘rni beqiyos bo‘lib, faqat ular bilangina millat va xalq, butun insoniyat bezavol yashaydi. Darhaqiqat, badiiy ijod yuqori ijtimoiy ahamiyat kasb etib, bashariyat oldida paydo bo‘layotgan, biz ilgari duch kelmagan g‘oyat murakkab muammolarni bartaraf etishda, xalqimiz maʼnaviyatini yuksaltirish, ayniqsa yoshlarni umuminsoniy va milliy qadriyatlar asosida tarbiyalashda muhim rol o‘ynaydi. Shu nuqtayi nazardan, Asosiy qonunimizda har bir shaxsga badiiy ijod erkinligining kafolatlanishi milliy adabiyot va sanʼatimizni yangi asarlar va nomlar bilan boyishiga, madaniyat va maʼnaviyatimizni yanada yuksaltirishga xizmat qiladi.
Shuningdek, mazkur moddaga “intellektual mulk qonun bilan muhofaza qilinadi” degan yangi norma kiritildi.
Intellektual mulk mahsuli bo‘lgan raqamli texnologiyalar va innovatsiyalar XXI asrda mamlakat iqtisodiyotini asosiy harakatlantiruvchi kuchiga aylandi. Bugungi kunda nomoddiy aktiv hisoblangan intellektual mulk kirib bormagan va taʼsiriga uchramagan biror soha va tarmoq qolmadi.
Intellektual mulkni muhofaza qilish, avvalo, uni yaratuvchisi bo‘lgan egasining barcha huquqlarini tan olinishini, o‘z manfaati yo‘lida bemalol foydalanishini va turli tajovuzlardan himoya qilinishini anglatadi.
Intellektual mulk obyekti egasi uni boshqa mol-mulki singari sotish, meros qilib qoldirish, sovg‘a qilish, har qanday tarzda foydalanishga ruxsat berish yoki taqiqlash huquqiga ega. Bugungi kunda intellektual mulk yirik daromad manbai hisoblanadi. Masalan, Facebook ijtimoiy tarmog‘i asoschisi Mark Sukerberg, Garri Potter haqidagi kitoblar muallifi Djoan Rouling intellektual mulkini tijoratlashtirishi orqali yirik kapital egalariga aylanishgan.
Javob: Har kimga o‘z huquqlari va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlarining va boshqa tashkilotlarning, mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari (harakatsizligi) ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanadi. Shuningdek, har bir shaxs O‘zbekiston Respublikasining qonunchiligi va xalqaro shartnomalariga muvofiq, o‘z huquq va erkinliklari hamda qonuniy manfaatlari inson huquqlari bo‘yicha milliy institutlar tomonidan himoya qilinishi uchun murojaat qilishga haqli ekanligini nazarda tutadi.
Yangilangan Konstitutsiyamizning 55-moddasida “Har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonunda taqiqlanmagan barcha usullar bilan himoya qilishga haqli”, degan norma mustahkamlandi.
Ushbu qoidaning mazmun-mohiyati shundaki, fuqarolar o‘z buzilgan huquq va erkinliklarini, o‘zgalar huquqlarini buzmagan holda, mustaqil himoya qilish huquqiga ega. Mazkur huquqni amalga oshirishning yagona sharti – bu fuqarolar tomonidan o‘zini himoya qilishda qo‘llaniladigan usullar yoki choralarning qonunchilik hujjatlarida taqiqlanmagan bo‘lishidir.
Masalan, Jinoyat-protsessual kodeksiga ko‘ra, surishtiruvchi va tergovchi jinoiy taʼqib ostidagi shaxsning ayblovdan himoyalanishi huquqini taʼminlash doirasida qonunda ko‘zda tutilgan barcha usul va vositalardan foydalanishi uchun real imkoniyat yaratishi shart. Lekin aslida xalqaro standart mazmuniga binoan, shaxs o‘zini qonunda taqiqlanmagan har qanday usul va vositalar orqali himoyalashi mumkin. Yaʼni bunda “nimaiki qonun bilan taqiqlanmagan bo‘lsa, bunga ruxsat berilgan” xalqaro qoidasi amal qiladi.
Mazkur normaga o‘xshash qoidalar Ruminiya, Indoneziya kabi davlatlar konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.
Javob: Har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqining kafolatlanishi odil sudlovning ajralmas elementi hisoblanadi.
Jumladan, yangilangan Konstitutsiyamizning 55-moddasida insonning buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash huquqini samarali amalga oshirishga qaratilgan normalar mustahkamlandi.
Mazkur qoidalarni Asosiy qonunimizga kiritilishi nima beradi?
Birinchidan, har kimga o‘z huquq va erkinliklarini sud orqali himoya qilish, davlat organlari va boshqa tashkilotlar, ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari va harakatsizligi ustidan sudga shikoyat qilish huquqi kafolatlanmoqda.
Agar normaning amaldagi tahriri faqat davlat organlari va jamoat tashkilotlarining g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari ustidan sudga shikoyat qilishni nazarda tutsa, endilikda boshqa tashkilotlar, jumladan xususiy tashkilotlarni ham qamrab olmoqda. Bundan tashqari, ushbu tashkilotlarning nafaqat g‘ayriqonuniy xatti-harakatlari, balki g‘ayriqonuniy qarorlari ustidan ham sudga shikoyat qilish imkoniyati berilmoqda.
Ikkinchidan, har kimga buzilgan huquq va erkinliklarini tiklash uchun uning ishi qonunda belgilangan muddatlarda vakolatli, mustaqil hamda xolis sud tomonidan ko‘rib chiqilishi huquqini kafolatlovchi norma belgilandi.
Har qanday shaxs buzilgan huquqi yoki qonuniy manfaatini himoya qilish uchun qonunda belgilangan tartibda to‘g‘ridan-to‘g‘ri umumyurisdiksiya yoki maʼmuriy sudga murojaat qilish huquqiga egaligini konstitutsiyaviy kafolatlanishi inson huquqlari himoyasini yanada kuchaytiradi. Ushbu himoyaning samaradorligini taʼminlash uchun esa sudlar shikoyatlarni qatʼiy protsessual tartib-qoidalarga tayanib, oqilona muddatlarda, tenglik, tortishuv va adolat prinsiplari asosida ko‘rib chiqishlari lozim.
Bunday normalar Italiya, Portugaliya, Serbiya kabi davlatlar konstitutsiyalarida mustahkamlangan.
Javob: Davlat va shaxs o‘rtasidagi munosabatlarda shaxs huquq va erkinliklarining muhofaza etilishi huquqiy davlatning muhim vazifalaridan biridir.
Shu maqsadda yangilangan Konstitutsiyamizning 55-moddasida “Har kim davlat organlarining yoxud ular mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari, harakatlari yoki harakatsizligi tufayli yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi huquqiga ega” ekanligiga oid adolatli norma mustahkamlandi.
Konstitutsiyamizga kiritilgan ushbu norma ahamiyatini quyidagicha izohlash mumkin:
Birinchidan, davlat organlari va ularning mansabdor shaxslarining qonunga xilof qarorlari tufayli shaxslarga moddiy va maʼnaviy zarar yetkazilishi holatlari uchrab turadi. Masalan, davlat organlarining noqonuniy qarorlari sababli fuqarolarning uy-joylari va boshqa mulklarini asossiz buzilishi ularning haqli eʼtiroziga sabab bo‘ladi. Bunday sharoitda, fuqaro yetkazilgan zararning o‘rnini davlat tomonidan to‘liq qoplanishini talab qilish huquqiga ega. Shu bois, amaliyotda sudlar tomonidan fuqarolarning foydasiga davlat organlarining qonunga zid bo‘lgan ko‘plab qarorlari bekor qilinib, yetkazilgan zarar qoplanmoqda. Birgina, 2022-yilda 4645 ta davlat organlari qarorlari sud tomonidan haqiqiy emas, deb topilgan va yetkazilgan zarar undirilgan.
Ikkinchidan, davlat organlari yoki ularni mansabdor shaxslarining qonunga xilof harakatlari yoki harakatsizligi tufayli fuqaroga yetkazilgan zararning o‘rni davlat tomonidan qoplanishi taʼminlanadi. Masalan, amaliyotda surishtiruv yoki tergov jarayonida mansabdor shaxslar tomonidan fuqaroga nisbatan qiynoqqa solish va boshqa shafqatsiz, g‘ayriinsoniy yoki qadr-qimmatni kamsituvchi muomala natijasida uning hayoti va sog‘lig‘iga yetkazilgan zarar ham davlat tomonidan qoplab beriladi. Shu bilan birga, davlat fuqaroga to‘lab berilgan mablag‘ni zarar yetkazgan mansabdor shaxsdan undirish choralarini ko‘radi.
Shu kabi normalar Fransiya, Bolgariya, Vengriya kabi davlatlari konstitutsiyalarida o‘rin olgan.