narrator-icon
100 ta savolga 100 ta javob

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yilning 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda “Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirish, fuqarolar va yuridik shaxslarning muayyan ishda sud tomonidan ularga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini tekshirish haqidagi shikoyatlarini ko‘rib chiqish Konstitutsiyaviy sudning vakolati sifatida Konstitutsiyada aks ettirilishi lozim”ligini taʼkidlab o‘tdi.

Shu munosabat bilan, yangilangan Konstitutsiyamizning 133-moddasiga fuqarolar va yuridik shaxslar, agar sud orqali himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, sudda ko‘rib chiqilishi tugallangan muayyan ishda sud tomonidan o‘ziga nisbatan qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risidagi shikoyat bilan O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyaviy sudiga murojaat qilishga haqli ekanligiga oid maxsus norma qo‘shildi.

Konstitutsiyaga kiritilgan mazkur normaning fuqarolar hamda yuridik shaxslarga konstitutsiyaviy huquq va erkinliklari muayyan ishda qo‘llanilgan va Konstitutsiyaga muvofiq bo‘lmagan qonunda buzilgan deb hisoblanganda, agar sudda himoya qilishning boshqa barcha vositalaridan foydalanib bo‘lingan bo‘lsa, Konstitutsiyaviy sudga shikoyat bilan murojaat qilish huquqini beradi

2022-yil davomida Konstitutsiyaviy sudga jami 1 376 ta murojaat kelib tushgan. Murojaatlarning 1 299 tasi jismoniy shaxslar, 77 tasi yuridik shaxslar tomonidan yuborilgan. Murojaatlar Konstitutsiyaviy sud sudyalari tomonidan o‘rganib chiqilib, mualliflarga asoslantirilgan tushuntirishlar berilgan. Sudya va ekspertlar tomonidan 83 nafar fuqaro va yuridik shaxslarning vakillari Konstitutsiyaviy sudda qabul qilindi, ularning murojaatlari yuzasidan tegishli tushuntirishlar berilgan. Konstitutsiyaviy sudda fuqarolarning murojaatlarini bevosita qabul qilish maqsadida “Fuqarolarning onlayn qabuli” portali ishga tushirildi. Shuningdek, mazkur norma kiritilishi, inson huquqlarini himoya qilishda samarali vositalardan biri bo‘lgan konstitutsiyaviy shikoyat institutini Konstitutsiya darajasida mustahkamlaydi.

Fuqarolar va yuridik shaxslarning Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi Belgiya, Vengriya, Germaniya, Latviya kabi xorijiy davlatlar konstitutsiyalarida ham belgilangan.

Fuqarolar va yuridik shaxslarga Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish huquqi berilayotganligini ahamiyati shundaki, Konstitutsiyaga zid bo‘lgan qonunlar amaliyotda qo‘llanilayotgan bo‘lsa, ularni o‘z vaqtida Konstitutsiyaga muvofiqligini taʼminlashga, Konstitutsiyaga nomuvofiq qonunlar bilan kelgusida boshqa shaxslarning huquqlari buzilishini oldini olishga, shuningdek Konstitutsiya ustunligini taʼminlashga, Konstitutsiyaviy sud faoliyatini yanada takomillashtirishga xizmat qiladi.

Javob: O‘zbekiston Konstitutsiyasiga sudlar va sudyalar mustaqilligini, sudyalar va ular oila aʼzolarining daxlsizligini taʼminlash, ularning vakolatlarini kengaytirish, moddiy va moliyaviy taʼminotini yaxshilashga oid bir qator yangi normalar kiritildi.

Zero, huquqiy demokratik davlatda sud va sudyalar amalda mustaqil bo‘lsagina qonuniylik taʼminlanadi, inson huquq va erkinliklari kafolatlanadi.

Konstitutsiyamizga kiritilgan 136-moddaga ko‘ra, “Sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki to‘xtatib turishga, boshqa lavozimga o‘tkazishga faqat qonunda belgilangan tartibda va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos bo‘lib xizmat qilishi mumkin emas”.

Konstitutsiyaga kiritilgan yangi normalarning mazmun-mohiyati va ahamiyati shundan iboratki:

birinchidan, sudyani muayyan ishning muhokamasidan chetlashtirishga, uning vakolatlarini bekor qilishga yoki to‘xtatib turishga faqatgina qonunda belgilangan tartib va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi. Bu degani, sudya o‘zi olib borayotgan biron bir ishni ko‘rish davrida ushbu ishdan chetlashtirilishiga yo‘l qo‘yilmaydi. Masalan, sudya yoki sudyalar tarkibi bir jinoyat ishini boshidan oxirigacha ko‘rib chiqib, hukm chiqarguniga qadar ushbu jinoyat ishini ko‘rib chiqish vakolati ulardan olib qo‘yilmaydi.

Ikkinchidan, sudyaning boshqa lavozimga o‘tkazishga faqatgina qonunda belgilangan tartib va asoslarga ko‘ra yo‘l qo‘yiladi.

Uchinchidan, sudyani lavozimidan ozod etish uchun asos sifatida sudning qayta tashkil etilishi yoki tugatilishi sabab bo‘la olmaydi.

Darhaqiqat mazkur normani kiritishga zaruriyat ham shundan iboratki, avvalo sudyalarning mustaqilligi va ularning daxlsizligi konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanadi, sudyaning vakolatlari qonunda belgilangan tartibdan hamda asoslardan boshqacha tarzda tugatilishi yoki to‘xtatib turilishi mumkin emasligi kafolatlanadi.

Shuningdek, bunday qoidalar Ispaniya, Italiya, Xorvatiya, Portugaliya, Gretsiya konstitutsiyalarida xam o‘z ifodasini topgan.

Mazkur qoidaning Konstitutsiyada belgilanishi eng avvalo, sudyaning mustaqilligini, sudlarda ish ko‘rishda xolisligini taʼminlashga, xususan muayyan ishni boshidan oxirigacha turli aralashuv va tazyiqlarsiz bir sudya tomonidan ko‘rib chiqib, qaror qabul qilish imkoniyatini yaratadi. 

Javob: Mustaqillik yillarida mamlakatimizda sud hokimiyati mustaqilligini taʼminlash, sud ishlari yuritilishini takomillashtirish, sudlar faoliyatining moddiy-texnik va moliyaviy taʼminlash, fuqarolar, shuningdek, tadbirkorlik subyektlarining huquqlari, erkinliklari va qonuniy manfaatlarini sud tomonidan himoya qilish kafolatlarini kuchaytirishga qaratilgan islohotlar amalga oshirildi.

2021-yilgacha sudyalar, sud apparati va sudyalar hamjamiyati organlari xodimlari mehnatiga haq to‘lashning 40-60 foizi Sud hokimiyati organlarini rivojlantirish jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan to‘lab kelingan edi. Ushbu jamg‘armaning mablag‘lari asosan jinoiy, fuqarolik, maʼmuriy, iqtisodiy va harbiy sudlar tomonidan ko‘rib chiqiladigan ishlar bo‘yicha to‘lanadigan davlat bojlari, jarimalar, ijro ishi bo‘yicha undiriladigan ajratmalar, vaqtincha bo‘sh turgan mablag‘larni tijorat banklarining depozitlariga joylashtirishdan tushadigan daromadlar hisobidan shakllanadi. Sudlar faoliyatini moliyalashtirish, mehnatga haq to‘lash turli jarimalar va bojlarga bog‘lab qo‘yilganligi bois, 2021-yildan sud tizimi to‘liqligicha O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirish belgilandi.

Sudlarni moliyalashtirish respublika byudjeti mablag‘lari hisobidan amalga oshirilishi 2021-yil 28-iyulda qabul qilingan “Sudlar to‘g‘risida”gi Qonunda ham o‘z aksini topgan.

Shu munosabat bilan, nufuzli xalqaro tashkilotlar tavsiyalari hamda ko‘pgina ilg‘or xorijiy davlatlar tajribasidan kelib chiqib, yangilangan Konstitutsiyamizning 140-moddasida “Sudlarning faoliyatini moliyalashtirish faqat O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetidan amalga oshiriladi va u odil sudlovni to‘liq va mustaqil amalga oshirish imkoniyatini taʼminlashi kerak” degan muhim norma belgilandi.

Ushbu qoidaning Konstitutsiyada belgilanishining ahamiyati shundaki, birinchidan, moliyaviy jihatdan sudlar va sudyalarning chinakam mustaqilligini taʼminlanishiga; ikkinchidan, sud tizimining mustaqil va mustahkam moddiy-texnik bazasini shakllantirishga; uchinchidan, eng muhimi sudlarning moddiy-texnik taʼminoti, jumladan oylik ish xaqlari fuqarolardan undiriladigan jarimalar yoki davlat bojlari hisobidan emas, aynan davlat byudjeti mablag‘lari hisobidan moliyalashtirishga xizmat qiladi.

Sudlar faoliyatini moliyalashtirish davlat byudjetidan amalga oshirilishiga oid qoidalar Moldova, Qozog‘iston konstitutsiyalarida ham o‘z aksini topgan.

Javob: Advokatura odil sudlovning muhim tarkibiy qismi hisoblanadi. BMT Kongressida qabul qilingan “Yuristlar roliga oid asosiy prinsiplar”da advokatura institutini takomillashtirish demokratik, huquqiy taraqqiyotning birlamchi sharti ekanligi qayd etilgan.

Zero, davlat organlarining biron-bir huquq normasini qo‘llashda o‘z vakolatidan chetga chiqishini tiyib turuvchi mustahkam mexanizm kerak bo‘ladi. Insoniyat tarixida muvaffaqiyatli sinovdan o‘tgan bunday kuch esa fuqarolik jamiyati – nodavlat notijorat tashkilotlaridir.

Davlat esa, tabiatan nodavlat, mazmunan notijorat tizim bo‘lmish advokatura institutini mustahkamlashdan manfaatdor. Chunki davlatning eng muhim funsiyalaridan biri har bir shaxsni malakali yuridik yordam bilan taʼminlashdir. Malakali yuridik yordamga bo‘lgan ehtiyoj davlatning jamiyat manfaatlari yo‘lida advokatura institutini har tomonlama rivojlantirishini taqozo etadi.

Shu bois, yangilangan Konstitutsiyamizning 141-moddasiga “Jismoniy va yuridik shaxslarga malakali yuridik yordam ko‘rsatish uchun advokatura faoliyat ko‘rsatadi. Advokatura faoliyati qonuniylik, mustaqillik va o‘zini o‘zi boshqarish prinsiplariga asoslanadi”, degan yangi norma kiritildi.

Eʼtiborlisi, advokatura institutining maqomi Konstitutsiya darajasida mustahkamlandi. Barchaga malakali yuridik yordam kafolatlanmoqda. Binobarin, malakali yuridik yordam har qanday shaxs yoki davlat organi xodimi tomonidan emas, balki tegishli malaka va litsenziyaga ega advokatlar tomonidan amalga oshiriladi.

Taklif etilayotgan normada advokatura faoliyatining asosiy prinsiplari belgilandi. Xususan, yagona kasbiy birlashmasi sifatida advokaturaga oid barcha masalalar bevosita advokatlar tomonidan hal etilishini nazarda tutuvchi – o‘zini o‘zi boshqarish prinsipi belgilandi. Bu esa, advokatlar kasbiy mustaqilligining asosiy kafolati hisoblanadi.

Yana bir yangilik. O‘zini o‘zi boshqarish prinsipini advokaturaning mustaqilligisiz tasavvur etib bo‘lmaydi. Ular bir-birini taqozo etadi va to‘ldiradi. Shu bois, barcha advokatlarning orzu-umidi bo‘lmish mustaqillik prinsipi konstitutsiyaviy darajada belgilandi.

Ayni paytda, konstitutsiyada advokatlik faoliyatida qonuniylik prinsipi ham nazarda tutilmoqda. Bu esa, tom maʼnoda, davlat organlarining advokaturaning ichki ishlariga aralashishini oldini olishga xizmat qiladi.

Javob: O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyev 2022-yil 20-iyunda Konstitutsiyaviy komissiya aʼzolari bilan uchrashuvda sud va huquq muhofaza qiluvchi organlar bilan birga “... kuchli advokatura tizimini yaratish asosiy vazifamizdir”, deb taʼkidlagan edi.

Shu bois yangilangan Konstitutsiyamizning 142-moddasida:

birinchidan, advokat o‘z kasbiy vazifalarini amalga oshirayotganda uning faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmaydi, degan yangi norma kiritildi. Advokatning kasbiy faoliyatiga aralashishga yo‘l qo‘yilmasligining konstitutsiyaviy darajada mustahkamlanishi kuchli advokatura tizimini yaratishga, shuningdek “hech bir idora advokatlarning faoliyatiga to‘sqinlik qilmasligi shart” degan g‘oyani to‘laqonli amalga oshirishga xizmat qiladi.

Ikkinchidan, advokatga o‘z himoyasidagi shaxs bilan moneliksiz va xoli uchrashish, maslahatlar berish uchun shart-sharoitlar taʼminlanlanishi mustahkamlandi. Mazkur progressiv norma advokatning kasbiy vazifalarini lozim darajada amalga oshirishini kafolati sifatida o‘z himoyasidagi shaxs bilan u ushlangan paytdan boshlab qonunchilikda belgilangan tartibda xoli uchrashuvlar o‘tkazishga va unga turli bosimlarsiz huquqiy yordam ko‘rsatishga imkon yaratadi.

Uchinchidan, advokat, uning shaʼni, qadr-qimmati va kasbiy faoliyati davlat himoyasida bo‘lishi va qonun bilan muhofaza qilinishiga oid norma mustahkamlandi. Bu orqali davlat advokatlar xavfsizligiga tahdid bo‘lgan holatlarda ularning himoyasini taʼminlaydi, ularning o‘z kasbiy majburiyatlarini bajarishlari uchun zarur bo‘lgan barcha huquqlaridan to‘liq foydalanishlariga imkon yaratadi. Mazkur qoidalar advokatning shaxsi daxlsizligini kafolatlash hamda advokat faoliyatiga nisbatan noqonuniy aralashishni taʼqiqlash orqali uning kasbiy faoliyati erkinligini taʼminlashga xizmat qiladi.

Bunday normalar Avstriya, Bolgariya, Finlyandiya kabi mamlakatlarning konstitutsiyalarida ham nazarda tutilgan.

Konstitutsiyaga kiritilgan ushbu normalar advokaturaning jamiyatdagi nufuzini oshirishga, odil sudlovga erishishda taraflarning tengligi va tortishuvchanligi prinsipini mustahkamlashga, sud va tergov jarayonida advokatlar vakolatlarini to‘laqonli amalga oshirishga, pirovardida fuqarolar huquq va erkinliklari himoyasini yanada kuchaytirishga xizmat qiladi.  

Javob: Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oyadan kelib chiqib, fuqarolarning mamlakat boshqaruvida yanada keng ishtirok etishini taʼminlash maqsadida saylov qonunchiligi izchil takomillashtirib borilmoqda.

Amaldagi Konstitutsiyada sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan, shuningdek og‘ir

va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganligi uchun sudning hukmi bilan ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etmasligi mustahkamlangan.

Endilikda, Konstitutsiyamizga kiritilgan 128-moddaga ko‘ra, “Sud tomonidan muomalaga layoqatsiz deb topilgan fuqarolar, shuningdek, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun sudning hukmiga ko‘ra ozodlikdan mahrum etish joylarida saqlanayotgan shaxslar saylovda ishtirok etish huquqidan faqat qonunga muvofiq hamda sudning qarori asosida mahrum etilishi mumkin. Boshqa har qanday hollarda fuqarolarning saylov huquqlarini to‘g‘ridan-to‘g‘ri yoki bilvosita cheklashga yo‘l qo‘yilmaydi”.

Mutaxassislar qayd etishicha, muomalaga layoqatsizlik har doim ham o‘z hatti-harakatlarini anglay olmasligini bildiravermaydi. Shu bois, Belgiya, Chexiya, Vengriya, Portugaliya, Sloveniya, Malta, Estoniya, Lixtenshteyn kabi davlatlar tajribasiga ko‘ra, sud muomalaga layoqatsiz deb topish masalasini individual tarzda ko‘rib chiqib, shaxsni saylash huquqidan mahrum qilishi mumkin.

O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasida har qanday muomalaga layoqatsiz shaxs emas, balki sudning muomalaga layoqatsiz deb topgan qarori asosida saylov huquqlaridan mahrum etilgan fuqarolar saylovda ishtirok etmasligi mustahakamlandi. Yaʼni sud saylovda ongli qatnasha olish yoki olmasligiga shaxsning real holatidan kelib chiqib, baho beradi va mahrum qilishi mumkin.

Bundan tashqari, Germaniya, Fransiya, Avstraliya, Gretsiya, Italiya, Polsha, Portugaliya, Ruminiya, Niderlandiya, Norvegiya kabi davlatlar tajribasiga ko‘ra, og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etgan shaxslarning saylov huquqini faqat sud qarori bilan cheklash amaliyoti yo‘lga qo‘yilgan. 

Yangi O‘zbekistonda amalga oshirilayotgan insonparvar siyosat asosida Konstitutsiyaga og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyatlar sodir etganlik uchun ozodlikdan mahrum qilish joylarida saqlanayotgan shaxslarning saylov huquqini cheklash instituti o‘rniga faqat sud qarori bilan saylov huquqidan mahrum qilish instituti joriy etilmoqda.

Ushbu o‘zgarishlar O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarining saylash bilan bog‘liq konstitutsiyaviy huquqlarni yanada kafolatlashga xizmat qiladi. Muomalaga layoqatsiz deb topilgan hamda og‘ir va o‘ta og‘ir jinoyat sodir qilgan shaxslar ham saylashda qatnasha olishi Yangi O‘zbekistonda “Inson qadri uchun” degan ustuvor g‘oya real hayotda amalga oshayotganini yana bir bor ko‘rsatib beradi. 

Javob:  Inson manfaatlari va xalq farovonligi yo‘lida davlat tomonidan olib borilayotgan islohotlar o‘zinig moliyaviy taʼminotini talab etadi, bu eng avvalo, davlat byudjeti orqali amalga oshiriladi. Ularning maqsadli sarflanishini taʼminlash esa – eng asosiy vaziflardan biridir. Bunda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini tomonidan Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etish faoliyati ustidan nazorat amalga oshirib borilishi muhim ahamiyat kasb etadi

Shu bois, yangi tahrirdagi Konstitutsiyamizga kiritilgan 148-moddaga ko‘ra, “fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlari O‘zbekiston Respublikasi Davlat byudjetining shakllantirilishi hamda ijro etilishi ustidan jamoatchilik nazoratini amalga oshiradi”.

Bugungi kunda mamlakatimizda rivojlanayotgan “Ochiq byudjet” davlat siyosati, byudjet ustidan jamoatchilik nazoratini samarali amalga oshirish

va bu borada to‘liq axborot olish uchun keng imkoniyatlar yaratmoqda. Xususan, Davlat byudjetiga oid axborotlarni joylashtirishni nazarda tutuvchi “Ochiq byudjet” portali ishga tushirildi, “Fuqarolar uchun byudjet” axborot nashri chop etilishi yo‘lga qo‘yildi, boshqa turli kanallari joriy etildi, 2019-yildan boshlab byudjet mablag‘larini taqsimlashda fuqarolar ishtirokining tuman (shahar)lar byudjetlari qo‘shimcha manbalarining kamida 10 foizini jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarga yo‘naltirishni nazarda tutadigan mexanizm joriy etildi.

Mazkur norma bilan jamoatchilik nazoratining mexanizmlarini foydalangan holda byudjet jarayonini ochiqligi taʼminlashning konstitutsiyaviy asoslari mustahkamlandi. Jumladan, davlat byudjeti ustidan jamoatchilik nazoratiga oid normalar AQSH, Buyuk Britaniya, Janubiy Koreya, Yaponiya, Fransiya kabi konstitutsiyalarida ham nazarda tutilgan.

Yangi Konstitutsiyada belgilanayotgan normalar yuqorida qayd etilgan ishlarning mantiqiy davomi sifatida davlat byudjetini shakllantirish, uni daromad va xarajat qismlarini belgilash, ijrosini taʼminlashda fuqarolar va fuqarolik jamiyati institutlarini jalb qilish, ularga bu jarayonda faol qatnashish, jamoatchilik nazoratini amalga oshirish uchun tegishli tashkiliy va huquqiy shart-sharoitlar va kafolatlar yaratadi.

Davlat byudjetidan maqsadli foydalanishni taʼminlash esa, aholiga tibbiy xizmatlar ko‘rsatish, taʼlim olish imkoniyatlarini kengaytirish, ijtimoiy himoyaga muhtoj aholi qatlamlariga zarur yordam ko‘rsatish, uy-joy bilan taʼminlash, tadbirkorlikni va umuman, davlat va jamiyatni hayotining boshqa barcha sohalarida samaradorlikni taʼminlashga xizmat qiladi.

Javob: Iqtisodiy o‘sish va aholi turmush farovonligini taʼminlashda hal etuvchi omillardan biri davlat byudjeti mablag‘larini natijaga yo‘naltirilgan holatda sarf etilishi, bunga esa faqatgina ochiqlik va shaffoflik prinsiplarga amal qilish orqali erishish mumkindir.

Shu bois, Konstitutsiyamiz 148-modda bilan to‘ldirildi. Unga muvofiq, O‘zbekiston Respublikasining Davlat byudjetini shakllantirish hamda ijro etish tartib-taomillari ochiqlik va shaffoflik prinsiplari asosida amalga oshiriladi, degan norma belgilandi.

Davlat byudjetini shakllantirish va ijro etishdagi ochiqlik va shaffoflik prinsiplariga amal qilish konstitutsiyaviy qoidasining ahamiyati shundaki, birinchidan, Davlat byudjetini shakllantirish, ko‘rib chiqish va qabul qilish tartib-taomillarining jamiyat va ommaviy axborot vositalari uchun ochiqligida, shuningdek byudjet jarayonida fuqarolarning faol ishtirok etishida; ikkinchidan, tasdiqlangan Davlat byudjeti va uning ijrosi to‘g‘risidagi axborotni ommaviy axborot vositalarida eʼlon qilinishida namoyon bo‘ladi.

Shuningdek, Davlat byudjeti loyihasini jamoatchilik muhokamasiga qo‘yilishi va keyinchalik Oliy Majlis va mahalliy xalq deputatlari Kengashlari tomonidan ko‘rib chiqilishi va qabul qilinishi, ularni tegishli davrdagi ijrosi to‘g‘risidagi hisobotlarni eshitib borilishi, byudjet mablag‘larining maqsadli sarflanishi ustidan nazoratni olib borilishi ham ochiqlik va shaffoflikni taʼminlaydi.

Bu kabi talablar Xalqaro valyuta fondi, Iqtisodiy xamkorlik va taraqqiyot tashkilot tavsiyalarida ham ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Avstriya, Belgiya kabi davlatlarda konstitutsiyalarida ham byudjet shaffofligi oid normalar belgilangan.

Ushbu o‘zgarishlar byudjet xarajatlari ustidan parlament va jamoatchilik nazoratini kuchaytirishga, mazkur yo‘nalishda korrupsion omillarni kamayishiga, mamlakat moliyaviy tizimiga aholi ishonchini kuchayishiga, makroiqtisodiy barqarorlikni taʼminlashga hamda mamlakatning investitsiyaviy jozibadorligini oshirishga xizmat qiladi.

Pirovardida, Davlat byudjeti mablag‘larini yanada adolatli taqsimlanishini hamda xalq va fuqaro manfaatlari yo‘lida maqsadli va samarali ravishda sarflanishini taʼminlaydi.

JavobYangilangan Konstitutsiyamizning 151-moddasida Markaziy bank maqomini mustahkamlovchi quyidagi normalar belgilandi:

birinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki pul-kredit va valyuta siyosatini ishlab chiqadi hamda amalga oshiradi”, degan norma orqali Markaziy bankning maqsad va vazifalari aniq belgilandi. Bozor iqtisodiyotida narx barqarorligini taʼminlash eng dolzarb masala hisoblanib, uning hal etilishi iqtisodiy o‘sishga zamin yaratadi. 

Ikkinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki banklar faoliyatini tartibga solishni amalga oshiradi, bank va to‘lov tizimlarining barqaror faoliyat ko‘rsatishini taʼminlaydi”, degan yangi norma belgilandi.

Amaldagi Konstitutsiyada Markaziy bankning bank tizimini tartibga solish yo‘nalishlari aniq belgilanmagan edi. Endilikda ushbu bo‘shliqning bartaraf etilishi natijasida tijorat banklari tomonidan aholiga bank xizmatlarini ko‘rsatishda nazorat funksiyalariga aniqlik kiritilib, aholi va biznes vakillarining banklardagi jamg‘armalarini saqlashda xavfsizlik kafolatlari kuchaytirilmoqda. Zero, ishonchli bank va to‘lov tizimlari butun iqtisodiyotning barqaror faolyatini taʼminlashga asos bo‘ladi.

Uchinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki o‘z vazifalarini bajarishda mustaqildir”, norma kiritildi. Bu esa Markaziy bank mustaqilligini Konstitutsiyada belgilash orqali pul-kredit va valyuta siyosati samaradorligini oshiradi. Pirovardida narxlar va bank tizimi barqarorligi taʼminlanadi. Oxirgi yuz yilda markaziy banklar mustaqilligi yuqori darajada taʼminlangan davlatlarda iqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy o‘sish sezilarli bo‘lgan. Shundan kelib chiqqan holda, Markaziy bank faqat Oliy Majlis Senatiga hisobdorligi qatʼiy belgilandi.

To‘rtinchidan, “O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining faoliyatini tashkil etish tartibi qonun bilan belgilanadi”, deb mustahkamlandi. Ushbu havolaki norma Markaziy bankning maqomi, tashkiliy-huquqiy asoslari, faoliyati faqat qonun bilan belgilanishini nazarda tutadi.

Mazkur qoidalar Vengriya, Ozarbayjon, Misr kabi davlatlar konstitutsiyalariida ham mavjud.

Kiritilgan ushbu normalarning ahamiyati shundaki, Markaziy bank faoliyati asoslarini konstitutsiyaviy darajada mustahkamlab, uning nufuzi hamda masʼuliyatini oshiradi.

Javob: Davlatchilikning muhim belgilaridan biri – bu milliy valyutadir. Har qanday davlat hududida ushbu mamlakatning milliy pul birligi yagona to‘lov vositasi bo‘lib xizmat qiladi.

O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘m, O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasidir.

O‘zbekistonning milliy valyutasi so‘m 1994-yilning 1-iyul sanasida ilk marotaba muomalaga kiritilgan. O‘zbekiston Respublikasi pul belgilarining nominal qiymati Markaziy bank tomonidan belgilanadi. Bugungi kunda mamlakatimizda 500, 1000, 5000, 10000, 20000, 50000, 100000, 200000 so‘mlik qog‘oz pullar, shuningdek, turli nominaldagi tanga pullar ham muomalada amalda bo‘lib turibdi.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy bankining maʼlumotlariga ko‘ra,

2022-yil yanvar-sentyabr oylarida naqd pul aylanmasi 503,0 trln so‘mni tashkil etgan va bu ko‘rsatkich 2021-yilning mos davriga nisbatan 39,3 foizga oshgan.

Milliy valyutaning iqtisodiyot va iqtisodiy-ijtimoiy hayotidagi o‘rnidan kelib chiqqan holda yangilangan Konstitutsiyamizning 150-moddasida “O‘zbekiston Respublikasining pul birligi so‘mdir. So‘m O‘zbekiston Respublikasining butun hududida yagona cheklanmagan qonuniy to‘lov vositasidir.

O‘zbekiston Respublikasi Markaziy banki O‘zbekiston Respublikasining hududida qonuniy to‘lov vositalari sifatida pul belgilarini muomalaga kiritishda va ularni muomaladan chiqarishda mutlaq huquqqa egadir”, degan norma belgilandi.

Mamlakatimiz hududida qonuniy to‘lov vositasi bo‘lgan so‘m faqat Markaziy bank tomonidan emissiya qilinishi qatʼiy himoya ostiga olingan. Aholining jamg‘armalari, daromadlarini turli iqtisodiy bo‘hronlardan himoyalash nuqtayi nazaridan milliy valyutaning barqarorligini va xavfsizligini taʼminlash ham Markaziy bankning qatʼiy majburiyatlaridan biri bo‘lib, ushbu pul belgilari uning barcha aktivlari bilan taʼminlanadi. Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksi 176-moddasida qalbaki pul yasash va uni o‘tkazish javobgarlik nazarda tutilgan.

Taʼkidlash lozimki, xorijiy mamlakatlar, xususan Ispaniya, Chili, Finlyandiya va boshqalarning konstitutsiyalarida ham milliy valyutaning huquqiy rejimini belgilovchi normalar o‘z ifodasini topgan.

Konstitutsiyaga mazkur normani kiritilishi milliy valyuta – so‘mning konstitutsiyaviy maqomini belgilashga, davlatning monetar siyosatini samarali amalga oshirishga xizmat qiladi.